52-modda. Qimmatli qogʻozlar bilan REPO operatsiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Repo shartnomasiga muvofiq bitimning bir tarafi bitimning boshqa tarafiga qimmatli qogʻozlarni ushbu shartnomada oldindan belgilangan narxda muayyan muddatdan keyin ularni qaytarib sotish (sotib olish) majburiyati bilan sotadi. Bunda ushbu qimmatli qogʻozlarning shartnomada belgilangan sotish (sotib olish) narxi ularning bozor narxlaridan farq qilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida va (yoki) chet davlatlarning qoʻllanilishi mumkin boʻlgan qonunchiligida repo shartnomalariga nisbatan qoʻyiladigan talablarga javob beradigan shartnoma REPO operatsiyasi deb eʼtirof etiladi. Bunda repo shartnomasining birinchi va ikkinchi qismlari tegishincha REPOning birinchi va ikkinchi qismlari deb eʼtirof etiladi.
Repo shartnomasi boʻyicha sotib oluvchi va repo shartnomasi boʻyicha sotuvchi tegishincha REPOning birinchi qismi boʻyicha sotib oluvchi hamda REPOning birinchi qismi boʻyicha sotuvchi deb eʼtirof etiladi. Bunda REPOning ikkinchi qismi boʻyicha majburiyatlar REPOning birinchi qismi bajarilishi sharti bilan yuzaga kelishi kerak.
REPO operatsiyasining shartlari bitim taraflarining quyidagi huquqlaridan kamida bittasini nazarda tutishi mumkin:
1) REPOning birinchi qismi boʻyicha sotuvchining REPOning ikkinchi qismini bajarish sanasiga qadar REPOning birinchi qismi boʻyicha sotib oluvchiga REPOning birinchi qismi boʻyicha berilgan qimmatli qogʻozlar yoki ular ayirboshlangan qimmatli qogʻozlar oʻrniga boshqa qimmatli qogʻozlarni berish huquqi;
2) REPOning birinchi qismi boʻyicha sotib oluvchining REPOning birinchi qismi boʻyicha sotuvchidan ushbu qismning 1-bandida koʻrsatilgan oʻtkazishni talab qilish huquqi.
Ushbu Kodeks maqsadida REPO operatsiyasi ishtirokchilari tomonidan REPOning tegishli qismi boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishining repo shartnomasida nazarda tutilgan muddatlari REPO birinchi yoki ikkinchi qismining bajarilish sanalari hisoblanadi.
REPOning birinchi yoki ikkinchi qismi boʻyicha qimmatli qogʻozlarni yetkazib berish va ularga haq toʻlash boʻyicha majburiyatlar turli sanalarda bajarilgan taqdirda, qimmatli qogʻozlarga haq toʻlash yoki ularni yetkazib berish boʻyicha majburiyatlar bajarilishi sanalaridan eng kechrogʻi tegishincha REPO birinchi qismining sanasi va ikkinchi qismining sanasi deb eʼtirof etiladi.
REPOning ikkinchi qismi boʻyicha majburiyatlarni bajarish sanasi REPO muddatini qisqartirish tomonga ham, uni uzaytirish tomonga ham oʻzgartirilishi mumkin. REPOning ikkinchi qismini bajarish sanasi talab qilib olish payti bilan belgilanadigan operatsiyalar, agar repo shartnomasida REPO ikkinchi qismining narxini aniqlash tartibi belgilangan boʻlsa va agar REPOning ikkinchi qismi taraflar tomonidan REPOning birinchi qismiga doir majburiyatlar bajarilgan sanadan eʼtiboran bir yil ichida bajarilgan boʻlsa, REPO operatsiyalari deb eʼtirof etiladi.
