421-modda. Soliq imtiyozlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Quyidagilarning mulkida boʻlgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi:
1) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning.
Mazkur imtiyoz tegishincha “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning maʼlumotnomasi asosida beriladi;
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar.
Ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning yoxud boshqa vakolatli organning maʼlumotnomasi asosida, nogironligi boʻlgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi boʻlgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomasi asosida beriladi.
3) sobiq SSSRni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari).
Ushbu imtiyoz “Halok boʻlgan askarning beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” yoki “Ichki ishlar organlari halok boʻlgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)”, “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi halok boʻlgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” shtampi qoʻyilgan yoxud pensiya guvohnomasini bergan muassasa rahbarining imzosi va ushbu muassasa muhri bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli pensiya guvohnomasi asosida beriladi.
Agar mazkur shaxslar pensioner boʻlmasa, soliq imtiyozi ularga sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qoʻmitasi yoki Ichki ishlar vazirligining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tegishli organlari va harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqa idoralar tomonidan berilgan harbiy xizmatchining yoki ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining halok boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida beriladi.
