40-modda. Chet el kompaniyalari ustidan nazorat qilish va nazorat qiluvchi shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq solish maqsadida quyidagilar chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxslari deb eʼtirof etiladi:
1) chet el kompaniyasida ishtirok etish ulushi 25 foizdan ortiqni tashkil etadigan, Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etiladigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
2) ushbu kompaniyada ishtirok etish ulushi 10 foizdan ortiq boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari deb eʼtirof etiladigan barcha shaxslarning ushbu kompaniyada ishtirok etish ulushi 50 foizdan ortiq boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismi maqsadi uchun chet el kompaniyasida ishtirok etish ulushi ushbu Kodeksning 38-moddasida nazarda tutilgan tartibda aniqlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan jismoniy shaxslar uchun ishtirok etish ulushi ushbu Kodeksning 37-moddasi uchinchi qismi 11-bandida koʻrsatilgan shaxslar bilan birgalikda hisobga olinadi.
Agar shaxsning chet el kompaniyasida ishtirok etishi listing tartib-taomilidan oʻtgan va (yoki) tegishli litsenziyaga ega boʻlgan birjalarda yoki chet el moliyaviy vositachilari roʻyxatiga kiritilgan birjalarda muomalaga kiritilgan qimmatli qogʻozlar (depozitar qaydlar) emitenti boʻlgan bir yoki bir nechta Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsining bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etishi orqaligina amalga oshirilgan boʻlsa hamda bu shaxs ushbu moddaning beshinchi — oʻn ikkinchi qismlariga muvofiq nazoratchi shaxs deb tan olinmasa, mazkur shaxs chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxsi deb eʼtirof etilmaydi. Bunda chet el moliyaviy vositachilari deganda Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish boʻyicha vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga kiritilgan chet el fond birjalari va chet el depozitar-kliring tashkilotlari tushuniladi.
Qaysi shaxsning ishtirok etish ulushiga nisbatan kompaniyada ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan shartlarga rioya etilmasa, biroq bunda bu shaxs mazkur kompaniya ustidan nazoratni shaxsiy manfaatlarini yoki ushbu Kodeksning 37-moddasi uchinchi qismi 11-bandida nazarda tutilgan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab amalga oshirsa, oʻsha shaxs ham chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi organi deb eʼtirof etiladi.
Sof foydani (daromadni) taqsimlashga nisbatan kompaniya tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatish yoki taʼsir koʻrsatish imkoniyati ushbu Kodeksning maqsadlari uchun kompaniya ustidan nazoratni amalga oshirish deb eʼtirof etiladi. Bunda shaxsning bunday qarorlarga ham ushbu kompaniyada bevosita yoki bilvosita ishtirok etishi tufayli, ham ushbu kompaniyani boshqarish qaysi shartnomaning (bitimning) predmeti boʻlsa, oʻsha shartnomada (bitimda) ishtirok etishi tufayli yoxud ushbu shaxs hamda kompaniya va (yoki) oʻzga shaxslar oʻrtasidagi boshqa oʻziga xos munosabatlar tufayli taʼsir etishi yoki taʼsir etish imkoniyati hisobga olinadi.
