347-modda. Soliq solinadigan daromadni aniqlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezidentning daromadlaridan soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash ushbu bobda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning 43 — 47-boblarida belgilangan tartibda mazkur norezident tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Bajarilishi mazkur bobda nazarda tutilgan, faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezident boʻlgan soliq toʻlovchining majburiyatlari uning doimiy muassasasiga yuklatilishi mumkin. Bunda doimiy muassasa soliq toʻlovchining barcha huquqlariga ega boʻladi.
Doimiy muassasaning jami daromadini bunday doimiy muassasaning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni amalga oshirish boshlangan sanadan eʼtiboran olingan daromadlarning quyidagi turlari tashkil etadi:
1) norezident tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatini oʻzining doimiy muassasasi orqali amalga oshirish natijasida olingan daromadlar;
2) norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va (yoki) uni tasarruf qilishdan olgan daromadlari;
3) norezidentning daromadlari, shu jumladan uning boshqa davlatlardagi tuzilmaviy boʻlinmalarining Oʻzbekiston Respublikasidagi Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan mazkur yuridik shaxsning doimiy muassasasi orqali amalga oshiriladigan faoliyatga aynan oʻxshash yoki bir xil faoliyatni amalga oshirishdan oladigan daromadlari;
4) ushbu Kodeksning 351-moddasida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan doimiy muassasaga tegishli boshqa daromadlar;
5) bunday doimiy muassasa faoliyati bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar.
Agar norezident Oʻzbekiston Respublikasida ham, uning hududidan tashqarida ham oʻzining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi bilan birgalikda bajariladigan bitta loyiha yoki aloqador loyihalar doirasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, agar norezident xuddi shunday yoki aynan oʻxshash faoliyat bilan xuddi shunday yoki aynan oʻxshash sharoitlardagi faoliyatda band boʻlgan yakka va alohida shaxs boʻlganida hamda oʻzi doimiy muassasasi boʻlgan norezidentdan mustaqil ravishda faoliyat koʻrsatganida olishi mumkin boʻlgan daromad bunday doimiy muassasaning daromadi deb hisoblanadi.
Agar norezidentning doimiy muassasasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlarni (xizmatlarni) norezidentning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan boshqa tarkibiy boʻlinmasi realizatsiya qilsa, agar u xuddi shunday yoki aynan oʻxshash faoliyat bilan xuddi shunday yoki aynan oʻxshash sharoitlardagi faoliyatda band boʻlgan yakka va alohida shaxs boʻlganida hamda oʻzi doimiy muassasasi boʻlgan norezidentdan mustaqil ravishda faoliyat koʻrsatganida olishi mumkin boʻlgan daromad bunday doimiy muassasaning daromadi deb eʼtirof etiladi.
