317-modda. Chegirib tashlanmaydigan xarajatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) qonunchilikka muvofiq vakolatli organ tomonidan belgilangan moddiy qimmatliklarning tabiiy kamayishi normalaridan, ular mavjud boʻlmaganda esa, soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan normalardan ortiqcha tovarlar yoʻqolishi;
2) umumiy ovqatlanish korxonalariga yoki boshqa tashkilotlarga joylarni tekin berish xarajatlari, ushbu korxonalar va tashkilotlar uchun kommunal xizmatlarning qiymatini toʻlash;
3) soliq toʻlovchining ushbu Kodeks 376-moddasida nazarda tutilgan, jismoniy shaxsning moddiy naf tarzidagi daromadlari hisoblanadigan xarajatlari, bundan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarining 0,5 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda oʻz xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar xarid qilishga doir xarajatlar mustasno;
4) dala (safar) taʼminoti, xodimning shaxsiy avtotransportidan xizmat maqsadlarida foydalanganlik uchun qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha toʻlovlar;
5) pensiyalarga ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar;
6) ushbu Kodeks 377-moddasi birinchi qismi 10-bandining toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan moddiy yordam;
7) xayriya yordamini amalga oshirish uchun xarajatlar, bundan metsenatlik koʻmagini koʻrsatish, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalarga, yolgʻiz yashovchi keksalarga va nogironligi boʻlgan shaxslarga homiylik qilish, oʻquv-tarbiya muassasalariga yoki yetim bolalarga va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moddiy yordam koʻrsatish uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar, shuningdek Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga xayriya qilingan mablagʻlar mustasno;
8) qonunchilikda nazarda tutilgan normalardan ortiqcha tarzda atrof-muhitni ifloslantirganlik va chiqindilar joylashtirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari;
9) loyihalar va qurilish-montaj ishlaridagi kamchiliklarni, obyekt yonidagi omborga tashib keltirilguniga qadar yuz bergan buzilishlar va deformatsiyalarni bartaraf etishga doir xarajatlar, korroziyaga qarshi muhofazadagi nuqsonlar tufayli taftish oʻtkazish (asbob-uskunalarni qismlarga ajratish) xarajatlari hamda ushbu xarajatlarning oʻrnini kamchiliklar, buzilishlar yoki zararlar uchun javobgar boʻlgan mahsulot yetkazib beruvchi yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobidan qoplash imkoni boʻlmagan miqdordagi boshqa shunga oʻxshash xarajatlar;
