26-modda. Soliq organlarining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Soliq organlari quyidagilarga haqli:
soliq toʻlovchilardan va uchinchi shaxslardan soliqlarni va yigʻimlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni (axborotni), shu jumladan elektron tarzda taqdim etishini talab qilish;
ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq tekshiruvlari va boshqa soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazish;
hududni, ishlab chiqarish, omborxona, savdo binolarini va boshqa binolarni, shu jumladan soliq toʻlovchi daromad olish uchun foydalanadigan yoki soliq solish obyektlarini saqlash bilan bogʻliq joylarni koʻzdan kechirish;
mol-mulkni inventarizatsiya qilish va bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlarning nazorat oʻlchovlarini oʻtkazish;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda kassani va tovar-moddiy boyliklar hamda hujjatlar saqlanadigan joylarni ikki kundan ortiq boʻlmagan muddatga, ikki kundan ortiq muddatga esa, sud qarori boʻyicha muhrlash;
soliqlarni va yigʻimlarni hisoblab chiqarish bilan bogʻliq hujjatlarni va elektron axborot jismlarini olib qoʻyish;
foto- va videotasvirga tushirish, tushuntirishlar hamda boshqa maʼlumotlarni olish;
tarjimonni, ekspertni jalb etish va ekspertiza tayinlash;
soliq toʻlovchi hisob hujjatlarini yoʻqotgan yoki yoʻq qilgan hollarda soliq toʻlovchi toʻgʻrisidagi oʻzida mavjud axborot, shuningdek boshqa shu kabi soliq toʻlovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida soliqlar summasini hisob-kitob orqali mustaqil ravishda aniqlash;
oʻzaro kelishuv asosida soliq monitoringida ishtirok etayotgan soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi, soliqlarni hisoblab chiqarishning toʻgʻriligi, toʻliqligi va oʻz vaqtida toʻlanishi yuzasidan soliq monitoringini oʻtkazish;
soliq qarzini majburiy undirish choralarini koʻrish;
soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va moliyaviy sanksiyalar qoʻllash;
soliq huquqbuzarliklarining aniqlangan holatlari boʻyicha tovar-moddiy boyliklarni belgilangan tartibda davlat daromadiga oʻtkazish. Yuridik shaxs boʻlgan soliq toʻlovchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tovar-moddiy boyliklarini davlat daromadiga oʻtkazish sud tartibida amalga oshiriladi;
soliq toʻlovchilarga nisbatan ular tomonidan noqonuniy olingan mablagʻlarni davlat daromadiga undirish toʻgʻrisida sudlarga daʼvolar kiritish;
