161-modda. Taʼminlash choralari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qaror qabul qilinganidan soʻng soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) mazkur qarorni ijro etish imkonini taʼminlashga qaratilgan choralarni (taʼminlash choralarini) koʻrishga haqli.
Agar ushbu choralarni koʻrmaslik keyinchalik ushbu qarorning ijrosini va (yoki) soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan soliq qarzini undirishni qiyinlashtirishi mumkin yoxud undirishni imkonsiz qilib qoʻyadi deb taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar boʻlsa, taʼminlash choralari koʻriladi.
Taʼminlash choralarini koʻrish uchun soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tegishli qaror qabul qiladi. Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror ijro etiladigan va (yoki) soliqlar qoʻshib hisoblanadigan kunga qadar yoxud yuqori turuvchi soliq organi yoki sud tomonidan qabul qilingan qaror bekor qilingan kunga qadar amal qiladi.
Soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) ushbu moddaning oʻn birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda taʼminlash choralarini bekor qilish yoki ularni almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Taʼminlash choralarini bekor qilish (almashtirish) toʻgʻrisidagi qaror u chiqarilgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Soliq organining roziligisiz mol-mulkni boshqa shaxsning ixtiyoriga oʻtkazishga (garovga qoʻyishga) doir taqiq va ushbu Kodeksning 111-moddasida belgilangan tartibda bankdagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish taʼminlash choralari boʻlishi mumkin.
Boshqa shaxsning ixtiyoriga oʻtkazishga (garovga qoʻyishga) doir taqiq izchillik bilan quyidagilarga nisbatan amalga oshiriladi:
1) koʻchmas mol-mulkka, shu jumladan mahsulotlarni ishlab chiqarishda (xizmatlarni koʻrsatishda) ishtirok etmaydigan mol-mulkka;
2) transport vositalariga, qimmatli qogʻozlarga, xizmat xonalarining dizayn buyumlariga;
3) tayyor mahsulot, xom ashyo va materiallardan tashqari boshqa mol-mulkka;
4) tayyor mahsulotga, xom ashyo va materiallarga.
Oldingi guruhlardagi mol-mulkning qiymati soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qaror asosida toʻlanishi lozim boʻlgan soliq qarzining umumiy summasidan kam boʻlgan taqdirda, har bir navbatdagi guruhning mol-mulkini boshqa shaxs ixtiyoriga oʻtkazishga (garovga qoʻyishga) doir taqiq qoʻllaniladi. Bunda mol-mulkning qiymati buxgalteriya hisobi maʼlumotlari boʻyicha belgilanadi.
