156-modda. Soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Soliq auditi natijalariga koʻra soliq organlarining ushbu tekshiruvni oʻtkazgan vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan soliq auditi dalolatnomasi tuzilishi kerak.
Soliq auditi dalolatnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) soliq auditi dalolatnomasini tuzish sanasi – ushbu tekshiruvni oʻtkazgan shaxslar tomonidan dalolatnoma imzolangan sana;
2) tekshirilayotgan shaxsning toʻliq va qisqartirilgan nomi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi. Yuridik shaxs uning alohida boʻlinmasi joylashgan yerda tekshirilgan taqdirda yuridik shaxsning nomidan tashqari tekshirilayotgan alohida boʻlinmaning toʻliq va qisqartirilgan nomi hamda uning joylashgan yeri koʻrsatiladi;
3) oʻzlari vakili boʻlgan soliq organining nomi koʻrsatilgan holda soliq auditini oʻtkazgan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning lavozimlari;
4) soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) soliq auditi oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyrugʻi sanasi va raqami;
5) soliq auditi davomida tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar roʻyxati;
6) soliq auditi oʻtkazilgan davr;
7) soliq auditi qaysi soliqqa nisbatan oʻtkazilgan boʻlsa, oʻsha soliqning nomi;
8) soliq auditi boshlangan va tugagan sana;
9) yuridik shaxs joylashgan yerning yoki jismoniy shaxs yashash joyining manzili;
10) soliq auditini amalga oshirish chogʻida oʻtkazilgan soliq nazorati tadbirlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
11) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning tegishli normasiga havola qilgan holda soliqqa oid huquqbuzarlikning (u mavjud boʻlgan taqdirda) batafsil tavsifi;
12) soliq auditi natijalari boʻyicha xulosalar va takliflar.
Agar oʻtkazilgan soliq auditi natijalariga koʻra soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari aniqlanmagan boʻlsa, bu haqda soliq auditi dalolatnomasida qayd etiladi.
Soliq auditi dalolatnomasiga tekshiruv davomida aniqlangan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishlari faktlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Soliq auditi dalolatnomasi shaklini va uni tuzishga doir talablarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi belgilaydi.
Soliq auditi dalolatnomasi kamida uch nusxada tuziladi.
Soliq auditi dalolatnomasining barcha nusxalari soliq organining soliq auditini oʻtkazgan mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi. Soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq toʻlovchiga tekshiruv tugaganidan keyin uch kun ichida topshiriladi. Soliq toʻlovchi dalolatnomaning barcha nusxalariga uni olgan sanani koʻrsatgan holda soliq auditi dalolatnomasini olganligiga imzo qoʻyishi shart. Soliq auditi dalolatnomasining soliq organida qolgan nusxalari soliq auditi materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
