123-modda. Soliq qarzini boshqa mol-mulk hisobidan undirish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Agar majburiyatga ega shaxsning soliq qarzini ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalarida nazarda tutilgan tartibda undirish mumkin boʻlmasa, soliq organi soliq qarzini shu majburiyatga ega shaxsning boshqa mol-mulki, shu jumladan naqd pul mablagʻlari hisobidan undirishga haqli.
Soliq qarzini undirish soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomada koʻrsatilgan summalar doirasida hamda ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalariga muvofiq undiruv amalga oshirilgan summalarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning qoidalari soliq qarzini faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan undirishga nisbatan qoʻllaniladi.
Majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish quyidagilarga nisbatan ushbu ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
1) ushbu Kodeksning 121 va 122-moddalariga muvofiq undiruv qaratilmagan naqd pul mablagʻlariga nisbatan;
2) mahsulotlar (tovarlar) ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmaydigan mol-mulkka, xususan, qimmatli qogʻozlar, valyuta qimmatliklari, ishlab chiqarishga moʻljallanmagan binolar, yengil avtotransport, xizmat xonalarining dizayni ashyolariga nisbatan;
3) tayyor mahsulotlarga (tovarlarga), shuningdek ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan va (yoki) bevosita ishtirok etishga moʻljallanmagan boshqa moddiy qimmatliklarga nisbatan;
4) ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etish uchun moʻljallangan xom ashyo va materiallarga nisbatan, shuningdek dastgohlar, uskunalar, binolar, inshootlar va boshqa asosiy vositalarga nisbatan;
5) boshqa shaxslarga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish shartnomasi boʻyicha ushbu mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi ularga oʻtkazilmagan holda topshirilgan mol-mulkka nisbatan, agar soliqni toʻlash boʻyicha majburiyatning bajarilishini taʼminlash uchun bunday shartnomalar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;
6) boshqa mol-mulkka nisbatan, bundan yakka tartibdagi tadbirkor yoki uning oila aʼzolari kundalik shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan, qonunchilikka muvofiq belgilanadigan boshqa mol-mulk mustasno.
Soliq qarzini soliq qarzi boʻyicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan undirishning ushbu modda toʻrtinchi qismida belgilangan ketma-ketligi buzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soliq qarzi boʻyicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzdorligini undirish sud tartibida amalga oshiriladi. Soliq toʻlovchi tomonidan soliq qarzdorligi tan olinsa, soliq organi rahbarining (rahbar oʻrinbosarining) qaroriga binoan soliq qarzi boʻyicha majburiyatga ega shaxsning mulki hisobidan soliq qarzdorligi undirilishi mumkin.
