114-modda. Mol-mulkni xatlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 30.12.2019 · Amalda
Soliq organining soliq toʻlovchi boʻlgan yuridik shaxsning mol-mulkiga nisbatan mulk huquqini cheklashga doir harakati soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi qarorning bajarilishini taʼminlash usuli sifatida mol-mulkni xatlashdir.
Soliq qarzi boʻyicha soliq toʻlovchilarning mol-mulkini xatlash sud qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Soliq toʻlovchi tomonidan soliq qarzi tan olingan taqdirda, soliq organi qarori asosida soliq toʻlovchining soliq qarzi boʻyicha mol-mulkiga taqiq qoʻyishi mumkin.
Soliq toʻlovchining soliq qarzi boʻyicha uning mol-mulkini xatlash soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma yuborilgan kundan boshlab oʻn besh kalendar kun ichida u tomonidan toʻliq bajarilmagan taqdirda amalga oshiriladi.
Mol-mulkni xatlash toʻliq yoki qisman boʻlishi mumkin.
Mol-mulkni toʻliq xatlash soliq toʻlovchining oʻz mol-mulkiga nisbatan huquqlarini shunday cheklashki, bunda u xatlangan mol-mulkni tasarruf etishga haqli emas, ushbu mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish esa soliq organining ruxsati bilan hamda uning nazorati ostida amalga oshiriladi.
Mol-mulkni qisman xatlash soliq toʻlovchining oʻz mol-mulkiga nisbatan huquqlarini shunday cheklashki, bunda ushbu mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish soliq organining ruxsati bilan va uning nazorati ostida amalga oshiriladi.
Mol-mulkni xatlash soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlarida pul mablagʻlari yetarli boʻlmagan yoki yoʻq boʻlgan taqdirda faqat soliqni (penyani, jarimani) toʻlash majburiyati uning ana shu mol-mulki hisobidan bajarilishini taʼminlash uchun qoʻllanilishi mumkin.
Mol-mulkni xatlash ushbu Kodeksning 117-moddasiga muvofiq soliq organi tomonidan soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi talabnoma soliq toʻlovchiga yuborilgandan soʻng qoʻllanilishi mumkin.
Soliq toʻlovchining barcha mol-mulki xatlab qoʻyilishi mumkin.
Faqat soliq qarzini uzish uchun zarur va yetarli boʻlgan mol-mulk xatlab qoʻyilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirmaydigan chet el yuridik shaxsining koʻchmas mulki obyekti, mazkur koʻchmas mulki obyektining qiymati undiriladigan soliq qarzi summasidan ortiq boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu chet el shaxsining undiruv qaratilishi mumkin boʻlgan boshqa mol-mulki boʻlmagan taqdirda xatlab qoʻyiladi.
Soliq toʻlovchining mol-mulkini xatlash toʻgʻrisidagi qaror soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari) tomonidan tegishli qaror shaklida qabul qilinadi.
