1-modda. Asosiy tushunchalar
Metrologiya toʻgʻrisida (1004-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Kuchini yo'qotgan
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar ishlatilmoqda:
“metrologiya” — oʻlchovlar, ularning yagona birlikda boʻlishini taʼminlash usullari va vositalari hamda talab qilinadigan aniqlikka erishish yoʻllari haqidagi fan;
“yagona oʻlchov birligi” — oʻlchovlarning natijalari qonunlashtirilgan birliklarda aks ettirilgan va xatoliklari berilgan ehtimollikda maʼlum boʻlgan oʻlchov holati;
“oʻlchov vositasi” — oʻlchovlar uchun foydalaniladigan va normalangan metrologik xususiyatga ega boʻlgan texnika vositasi;
“birlik etaloni” — oʻlcham birligini boshqa oʻlchov vositalariga oʻtkazish maqsadida uni qayta hosil qilish va saqlash uchun moʻljallangan oʻlchov vositasi;
“davlat etaloni” — vakolat berilgan milliy organning qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻlchov birligining oʻlchami sifatida eʼtirof etilgan etalon;
“metrologiya xizmati” — davlat organlari va yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari tarmogʻi hamda ularning oʻlchovlar yagona birlikda boʻlishini taʼminlashga qaratilgan faoliyati;
“davlat metrologiya nazorati” — metrologiya qoidalariga rioya etilishini tekshirish maqsadida davlat metrologiya xizmati organlari amalga oshiradigan faoliyat;
“oʻlchov vositalarini tekshiruvdan oʻtkazish” — oʻlchov vositalarining belgilab qoʻyilgan texnik talablarga muvofiqligini aniqlash va tasdiqlash maqsadida davlat metrologiya xizmati organlari (vakolat berilgan boshqa organlar, tashkilotlar) tomonidan bajariladigan operatsiyalar majmui;
“oʻlchov vositalarini kalibrlash” — metrologik jihatlarning haqiqiy qiymatlarini va oʻlchov birliklarining qoʻllashga yaroqliligini aniqlash hamda tasdiqlash maqsadida kalibrlash laboratoriyasi (markazi) bajaradigan operatsiyalar majmui;
“oʻlchov vositalarini metrologik attestatsiya qilish” — yagona namunalarda ishlab chiqariladigan (yoki Oʻzbekiston hududiga yagona namunalarda olib kiriladigan) oʻlchov vositalarining xossalarini sinchiklab tadqiq etish asosida ular qoʻllanish uchun haqqoniy ekanligining metrologiya xizmati tomonidan eʼtirof etilishi;
“metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish” — metrologiya xizmatlari, markazlari, laboratoriyalarining belgilangan akkreditatsiya qilish sohasida oʻlchovlarning yagona birligini taʼminlash boʻyicha ishlarni bajarishga vakolatli ekanligining rasmiy jihatdan tasdiqlanishi;
“yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlarini, oʻlchov vositalarini kalibrlash boʻyicha kalibrlash laboratoriyalarini (markazlarini) akkreditatsiya qilish” — yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining, kalibrlash laboratoriyalarining (markazlarining) belgilangan sohada oʻlchov vositalarini kalibrlash boʻyicha ishlarni bajarishga vakolatli ekanligining rasmiy jihatdan tasdiqlanishi;
