6-modda. Normativ hujjatlarning toifalari va ularga qoʻyiladigan asosiy talablar
Standartlashtirish toʻgʻrisida (1002-XII-son) · Sana: 28.12.1993 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida standartlashtirishga doir quyidagi toifadagi normativ hujjatlar qoʻllaniladi:
xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat standartlari;
tashkilotning standartlari;
xorijiy mamlakatlarning milliy standartlari.
Davlat yagona uzluksiz taʼlim tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan davlat taʼlim standartlari ishlab chiqiladi.
Standartlashtirishga doir normativ hujjatlar jumlasiga, shuningdek standartlashtirish qoidalari, normalari, texnik-iqtisodiy axborot klassifikatorlari ham kiradi. Mazkur hujjatlarni ishlab chiqish va qoʻllash tartibi “Oʻzstandart” agentligi tomonidan belgilanadi.
Xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar va xorijiy mamlakatlarning milliy standartlari, shuningdek xalqaro qoidalar va normalar Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etgan shartnoma yoki bitimlarga muvofiq qoʻllaniladi. Ushbu standartlar, qoidalar va normalarni respublika hududida qoʻllash tartibini “Oʻzstandart” agentligi va davlat boshqaruvining boshqa organlari oʻz vakolatlari doirasida belgilaydilar.
Standartlashtirishga doir normativ hujjatlar vatanimiz hamda chet el fan va texnikasining zamonaviy yutuqlariga asoslangan va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq boʻlishi lozim. Ular xalqaro savdo-sotiq uchun ortiqcha toʻsqinliklarni vujudga keltirmasligi lozim.
Normativ hujjatlarsiz mahsulot ishlab chiqarish va realizatsiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlari himoya qilinishini va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobat qila olish imkonini taʼminlash uchun asosli hollarda standartlarda istiqbolga moʻljallangan, anʼanaviy texnologiyalarning imkoniyatlaridan ildamlashgan dastlabki talablar belgilab qoʻyiladi.
Isteʼmolchilarga realizatsiya qilinadigan mahsulotga doir standartlar hamda ularga kiritilgan oʻzgartishlar “Oʻzstandart” agentligi organlarida haq olmasdan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak. “Oʻzstandart” agentligi organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan standartlashtirishga doir normativ hujjatlar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning davlat fondiga kiradi.
Mahsulot, atrof-muhit, aholining hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki xavfsizligini, texnikaviy va axborot jihatdan mahsulotning bir-biriga mos kelishi va oʻzaro almashinuvchanligini, ularni nazorat qilish usullari birligi va tamgʻalash birligini taʼminlash uchun standartlarda belgilanadigan talablar davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik faoliyati subyektlari rioya etishi uchun majburiydir.
