1-modda. Mahalliy soliqlar va yigʻimlar tushunchasi
Mahalliy soliqlar va yigʻimlar toʻgʻrisida (843-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, davlat hokimiyati mahalliy organlarining qarorlari bilan belgilangan, ular tomonidan oʻz vakolatiga muvofiq ravishda mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ishlatiladigan soliqlar mahalliy soliqlar hisoblanadi.
Mahalliy soliqlar mahalliy budjetga oʻtkaziladi. Yer soligʻining bir qismi qonunlarda belgilangan tartibda yerdan foydalanish ishlarini yaxshilash yuzasidan umumdavlat tadbirlarini amalga oshirish uchun respublika budjetida markazlashtirilishi mumkin.
Mahalliy yigʻimlar – bu Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, davlat hokimiyati mahalliy organlarining qaroriga muvofiq belgilangan, fuqarolar va tashkilotlardan ularga koʻrsatilgan madaniy-maishiy xizmatlar yoki davlat hokimiyatining mahalliy organlari nazorati ostida oʻtkaziladigan boshqa tadbirlarning chiqimlari bilan bogʻliq xarajatlarni qisman qoplash uchun undiriladigan toʻlovlardir.
Mahalliy soliqlar va yigʻimlarga quyidagilar kiradi:
a) jismoniy shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq;
b) yer soligʻi;
v) kurort mintaqasida ishlab chiqarish obyektlarini qurishga solinadigan soliq;
g) reklama soligʻi;
d) avtomobil vositalari, murakkab hisoblash va roʻzgʻor texnikasini qayta sotganlik uchun solinadigan soliq;
e) transport vositalari egalaridan olinadigan soliq;
j) kurort yigʻimi;
z) savdo-sotiq qilish huquqini beruvchi yigʻim;
i) vino-aroq mahsulotlari bilan savdo-sotiq qilish huquqini beruvchi ruxsatnoma yigʻimi;
k) mahalliy kimoshdi savdolari va lotereyalar oʻtkazish huquqini beruvchi ruxsatnoma yigʻimi;
l) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslarni roʻyxatga oʻtkazganlik uchun olinadigan yigʻim;
m) avtotransportlar saqlanadigan joydan foydalanganlik uchun yigʻim;
n) otchoparlarda poygada qatnashganlik uchun yigʻim;
o) otchoparlarda oʻtkazilgan poygadagi yutuq uchun yigʻim;
p) birjalardagi oldi-sotdi bitimlaridan undiriladigan yigʻimlar;
r) kino va telesuratga olishlarni oʻtkazish huquqini beruvchi yigʻimlar;
s) aholi manzilgohlari hududini supirib-sidirish uchun yigʻim;
u) it egalaridan olinadigan yigʻim.
