12-modda. Davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida (73-II-son) · Sana: 25.05.2000 · Amalda
Davlat ekologik ekspertizasi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi:
davlat ekologik ekspertizasini tashkil etadi va oʻtkazadi;
davlat hamda jamoat ekologik ekspertizasi, shuningdek ekologik audit boʻyicha normativ-texnik va yoʻriqnoma uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
davlat ekologik ekspertizasini oʻtkazishga ekspertlar va mutaxassislarni jalb etadi;
davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini ololmagan obyektlarga nisbatan moliyalash, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini toʻxtatib turish (tugatish) toʻgʻrisidagi taqdimnomalarni bank va boshqa kredit tashkilotlariga yuboradi;
davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
ekologik ekspertiza oʻtkazish masalalari yuzasidan boshqa davlatlarning tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
