30-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy xarajatlari va majburiy badallari
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-32-son) · Sana: 12.04.2006 · Amalda
Joy mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni birgalikda zimmalariga olishlari shart.
Umumiy xarajatlar shirkat aʼzolarining umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini saqlash bilan bogʻliq xarajatlaridir.
Joy mulkdorining umumiy xarajatlardagi ishtiroki ulushi uyning umumiy maydonidagi mulkdorga qarashli joy maydoniga mutanosib ravishda belgilanadi.
Shirkat aʼzolari umumiy xarajatlarni qoplash uchun har oyda, qoida tariqasida, pul shaklida majburiy badallar toʻlaydilar.
Shirkat aʼzolarining majburiy badallari miqdori shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilanadi.
Ayrim hollarda shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi joy mulkdori tomonidan majburiy badallarning bir qismini toʻlashning pul shaklini uning umumiy xarajatlardagi ishtirokining boshqa turlariga almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Mulkdorning oʻziga qarashli joydan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni umumiy xarajatlarda toʻliq yoki qisman ishtirok etishdan ozod qilmaydi.
Joy mulkdori oʻzining umumiy xarajatlardagi ishtiroki boʻyicha majburiyatini ijara (arenda) shartnomasi asosida joyni ijaraga (arendaga) oluvchiga oʻtkazishi mumkin. Joy mulkdori majburiy badallar va toʻlovlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlar ijaraga (arendaga) oluvchiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida shirkatni xabardor qilishi shart.
Shirkat va uning aʼzolari oʻrtasidagi umumiy mol-mulkni saqlash bilan bogʻliq oʻzaro munosabatlar ushbu Qonun hamda shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorlari bilan tartibga solinadi.
