16-modda. Shirkatning majburiyatlari
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-32-son) · Sana: 12.04.2006 · Amalda
Shirkat:
umumiy mol-mulk, shirkatning yer uchastkasi va mol-mulki belgilangan qoidalar, normalar hamda standartlarga muvofiq asralishi va saqlanishini taʼminlashi;
tegishli hududda jismoniy va yuridik shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joylardan foydalanilishi, shu jumladan pasport rejimiga rioya etilishi, yashayotgan shaxslarning hisobga olinishi va tegishli shartnomalarning mavjudligi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlariga yordam koʻrsatishi;
shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining va joy mulkdorlari yigʻilishlarining qarorlari bajarilishini taʼminlashi;
majburiy badallar va toʻlovlar oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlashi;
har yili umumiy mol-mulkni saqlash ishlari rejasini, shu jumladan koʻp kvartirali har bir uy uchun shunday rejani belgilashi va uning ijrosiga doir hisobot tuzishi;
har yili shirkatning daromadlar va xarajatlar smetasi hamda uning ijrosiga doir hisobot tuzishi, shu jumladan koʻp kvartirali har bir uy boʻyicha shunday smeta va hisobot tuzishi;
umumiy mol-mulkdan foydalanish shartlari va tartibi belgilanayotganda barcha shirkat aʼzolarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlashi;
qonun hujjatlarida va shirkat ustavida nazarda tutilgan hollarda, uchinchi shaxslar bilan umumiy mol-mulkni saqlash, unga egalik qilish hamda undan foydalanish, kommunal xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq munosabatlarda shirkat aʼzolarining manfaatlarini ifodalashi shart.
Shirkatning zimmasida qonun hujjatlariga va shirkat ustaviga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
