10-modda. Shirkatni tashkil etish tartibi
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida (O‘RQ-32-son) · Sana: 12.04.2006 · Amalda
Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror koʻp kvartirali bitta yoki yaqin, zich joylashgan bir nechta uydagi joylar mulkdorlarining koʻp kvartirali har bir uydagi barcha joy mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpi hozir boʻlgan umumiy yigʻilishida qabul qilinadi.
Joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishi istalgan joy mulkdorining tashabbusi bilan chaqiriladi.
Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror, agar barcha joy mulkdorlarining ellik foizidan koʻpi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Koʻp kvartirali yaqin, zich joylashgan bir nechta uydagi joy mulkdorlarini birlashtiradigan shirkat tashkil etilayotganda ana shu uylarning har biridagi joy mulkdorlarining ellik foizidan koʻpining roziligi olingan boʻlishi kerak. Joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishga yozma shaklda berilgan ovozlari, agar unda shirkatni tashkil etish masalasi boʻyicha mulkdorning qarori va unga qarashli joy manzili koʻrsatilgan boʻlsa, hisobga olinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Joy mulkdorlarining tashkiliy umumiy yigʻilishi, qoida tariqasida, quyidagi kun tartibi bilan oʻtkaziladi:
shirkatni tashkil etish toʻgʻrisida;
shirkatning ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida;
shirkat boshqaruvi raisi va aʼzolarini saylash toʻgʻrisida;
shirkatning taftish komissiyasini saylash toʻgʻrisida.
Joy mulkdorlarining tashkiliy umumiy yigʻilishida shirkatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar ham koʻrib chiqilishi mumkin.
Joy mulkdorlari tashkiliy umumiy yigʻilishining ovoz berish natijalari hamda yozma shaklda berilgan ovozlar soni koʻrsatilgan bayonnomasini yigʻilish raisi va kotibi imzolaydi.
