Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini tarqatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 7-fevraldagi PQ–277-son qarori) (47-son)
16.03.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini tarqatish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 7-fevraldagi PQ–277-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 16-mart,
47-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-martdagi 47-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Chastota spektridan foydalanish, teleradiodasturlarni shakllantirish va tarqatish hamda maʼlumotlar uzatish samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 10-iyuldagi 293-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1998-y., 7-son, 26-modda):
a) 2-bandning yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy televideniye va radioeshittirishlarni tarqatish shartlarini, mamlakatimiz teleradioeshittirishlarini boshqa davlat hududida tarqatish, Oʻzbekiston axborot tarmogʻining jahon tarmoqlariga integratsiyalashuvi tartibi va shartlarini belgilash”;
b) 3-band ikkinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi yangi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini tarqatish huquqini berish yoxud rad etish (bekor qilish) toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish”;
uchinchi—beshinchi xatboshi tegishli ravishda toʻrtinchi—oltinchi xatboshi hisoblansin;
v) 2-ilovada:
6-bandning yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy televideniye va radioeshittirishlarni tarqatish shartlarini, mamlakatimiz teleradioeshittirishlarini boshqa davlat hududida tarqatish, Oʻzbekiston axborot tarmogʻining jahon tarmoqlariga integratsiyalashuvi tartibi va shartlarini belgilash”;
7-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tegishli davlat organlarining xulosalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini tarqatish huquqini berish masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi”;
8-band ikkinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi yangi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini tarqatish huquqini berish yoxud rad etish (bekor qilish) toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish”;
uchinchi—yettinchi xatboshi tegishli ravishda toʻrtinchi—sakkizinchi xatboshi hisoblansin;
g) 5-ilovada:
9-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida xorijiy ommaviy axborot vositalarining teleradiomahsulotlarini tarqatish tartibiga rioya qilinishini belgilangan tartibda nazorat qiladi”.
