2-modda. Kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari
Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida (159-I-son) · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Quyidagilar kichik tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi:
mulk shaklidan qatʼi nazar, ishlab chiqarish tarmoqlarida band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni oʻn kishigacha, savdo, xizmat koʻrsatish va noishlab chiqarish sohasining boshqa tarmoqlarida — besh kishigacha boʻlgan mikrofirmalar;
mulk shaklidan qatʼi nazar, sanoat sohasida band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni qirq kishigacha, qurilish, qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida — yigirma kishigacha, fan, ilmiy xizmat koʻrsatish, chakana savdo va noishlab chiqarish sohasining boshqa tarmoqlarida — oʻn kishigacha boʻlgan kichik korxonalar.
Ishlovchilarning belgilab qoʻyilgan sonini hisobot davrida oshirishga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzining yoki boshqa shaxslarning jalb etilgan mol-mulki asosida oʻz mehnati yoki yollangan mehnatni qoʻllanish vositasida, tavakkal qilib va mulkiy javobgarlikni zimmasiga olib, tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatishga, foyda (daromad) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyatni amalga oshirayotgan yuridik shaxslar xususiy tadbirkorlik subyektlari hisoblanadilar.
Yuridik shaxsni tuzmasdan turib tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslar ham kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari hisoblanadilar.
