17-modda. Yerlarning miqdori va sifatini hisobga olish
Davlat yer kadastri toʻgʻrisida (666-I-son) · Sana: 28.08.1998 · Amalda
Yerlarning miqdori va sifatini hisobga olish ularning haqiqiy holati va ulardan foydalanilishiga qarab, yer uchastkalari va maydonlari, aholi punktlari, tumanlar, viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va umuman Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Yer uchastkalari boʻyicha yer miqdorini hisobga olish yer uchastkalarining oʻlchami, ularning qimmati va talab qilinadigan oʻlchash aniqligiga qarab, geodezik va (yoki) kartometrik usullarda amalga oshiriladi.
Yer maydonlari boʻyicha yer miqdorini hisobga olish yer uchastkalari doirasida asosan kartometrik usulda amalga oshiriladi.
Yer sifatini hisobga olish tabiiy-qishloq xoʻjaligi boʻyicha rayonlashtirishni, tuproq va yerlarni tasniflashni, ularni agronomik, ekologik, texnologik va shaharsozlik belgilari boʻyicha tavsiflashni, tuproqni guruhlarga ajratishni oʻz ichiga oladi.
Yerlarning miqdorini va sifatini hisobga olish asosiy va joriy turlarga boʻlinadi.
Yerlarni hisobga olishning asosiy turi (inventarizatsiya) joyning oʻzida yer uchastkalarining va maydonlarining chegaralari, joylashgan oʻrni, holati va ulardan foydalanish xususiyatiga doir oʻzgarishlar talaygina toʻplanganligiga qarab, davriy ravishda oʻtkaziladi, bunda yerlarning plan-kartografik asosi tegishli masshtablarda yangilanishi, tuproq, geobotanik va boshqa xil tekshiruvlar oʻtkazilishi shart.
Yerlarning joriy hisobi kadastr hujjatlari va maʼlumotlarining toʻgʻri boʻlishini taʼminlash maqsadida yuritiladi, bunda yerlarning huquqiy holatida, miqdori va sifat holatida va ulardan foydalanish borasida yuz bergan oʻzgarishlar aniqlanadi hamda roʻyxatga olinadi. Zimmasiga davlat yer kadastri yuritish vazifasi yuklatilgan tegishli organlarga yer uchastkalarining egalari, ulardan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari sodir boʻlgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir oy muddatda axborot berishlari shart.
Yerlarning oʻlchami, joylashgan oʻrni, maydon turlari va sifat holatiga oid qayd etiladigan maʼlumotlar yerni hisobga olish axborotini tashkil etadi.
