17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsion nazorat komitetining masalani koʻrib chiqishi
Oʻzbekiston Respublikasida konstitutsion nazorat toʻgʻrisida (93-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsion nazorat komitetining Raisi masalani koʻrib chiqishga tayyorlash tugallangandan keyin bir oy ichida komitet majlisiga masalani qoʻyadi. Komitet xulosaning hamda unga taalluqli boʻlgan materiallar majlis qatnashchilariga majlis boʻladigan kundan kamida oʻn besh kun oldin yuboriladi.
Komitetga saylangan kishilarning kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, majlis qonuniy kuchga ega boʻladi.
Komitet majlislari ochiq oʻtkaziladi. Davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqladigan boshqa sirni saqlash zarur boʻlgan hollardagina yopiq majlis oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Komitet majlisi ushbu masala koʻrib chiqilishida tashabbuskor boʻlgan organning vakili, hujjatni chiqargan yoki hujjat loyihasini taqdim etgan organning vakili qatnashishga haqlidir.
Komitet majlisida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Raisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Raisining oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti doimiy komissiyalarining raislari;
Oʻzbekiston Respublikasi Ministrlar Sovetining Raisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq nazorati komitetining raisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat hakami, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya ministri ishtirok etishi mumkin.
Raislik qiluvchi yoki uning topshirigʻi bilan komitet aʼzolaridan biri koʻrib chiqilayotgan masalaning mohiyatini bayon qilib beradi.
Ushbu masalaning koʻrib chiqilishida tashabbuskor boʻlgan organning va hujjatni qabul qilgan yoki hujjat loyihasini taqdim etgan organning vakili koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan oʻz fikrini bayon etishga haqlidir. Komitetning qaroriga binoan majlisda boshqa shaxslarning fikri ham tinglanishi mumkin.
Komitet xulosa qabul qilish uchun kengash oʻtkazadi, unda faqat komitet hayʼatiga kirgan aʼzolargina qatnashadilar.
Komitetning xulosasi ochiq majlisda eʼlon qilinadi va bosib chiqarilishi shart.
