19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga masalalarni kiritish tartibi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida (820-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi nomidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy idorasi, Oliy Majlisning bir guruh deputatlari (kamida 50 kishi), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining raisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida koʻrib chiqish uchun masala kiritish huquqiga egadirlar.
Masala Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining kamida toʻrt sudyasi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan ham kiritilishi mumkin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faqat konstitutsiyaviyligi shubha ostiga olingan muayyan koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar chiqaradi va xulosalar beradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi normativ hujjatning konstitutsiyaviyligini tekshirib, ayni chogʻda tekshirilgan normativ hujjatlar asos qilib olingan, yoxud uning qoidalarini takrorlovchi hujjatlarga nisbatan, garchi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida qarab chiqish uchun kiritilgan masalada ular xususida soʻz yuritilmagan boʻlsa ham, qaror chiqarishi mumkin.
