96-modda. Tashqi boshqaruvchini vazifasini bajarishdan ozod etish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tashqi boshqaruvchini oʻz vazifasini bajarishdan iqtisodiy sud quyidagi hollarda ozod etishi mumkin:
zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorlar yigʻilishining qarori asosida. Bunday hollarda kreditorlar yigʻilishining qarorida tashqi boshqaruvchilikka tavsiya etilayotgan yangi nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organining qarori asosida;
uning oʻz arizasiga binoan;
ushbu Qonunning 18-moddasiga muvofiq tashqi boshqaruvchi etib tayinlanishiga monelik qiladigan holatlar aniqlangan taqdirda;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Tashqi boshqaruvchini oʻz vazifasini bajarishdan ozod etish toʻgʻrisidagi ajrim darhol ijro etilishi kerak va uning ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) bunday ajrimning ijro etilishini toʻxtatib qoʻymaydi.
