89-modda. Taʼminotdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish yakunlari toʻgʻrisidagi hisobot
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kreditorlar bilan hisob-kitoblar tamomlangach yoki iqtisodiy sud tomonidan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun belgilangan muddat oʻtgach, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi qarzdorning majburiyatlarni shaxslar tomonidan taʼminot berilgan holda bajarishi yakunlari toʻgʻrisida iqtisodiy sudga hisobot taqdim etishi shart. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisoboti va kreditorlarning shikoyatlari iqtisodiy sud tomonidan majlisda koʻrib chiqiladi. Hisobotga doir talablar, shuningdek uni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi ushbu Qonunning 116 va 117-moddalarida belgilanadi.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini, kreditorlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish yakunlari asosida iqtisodiy sud:
agar uzilmagan qarz qolmaganligi aniqlangan, kreditorlarning shikoyatlari esa asossiz deb topilgan boʻlsa, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlaydi va bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi;
agar uzilmagan qarz borligi aniqlangan va kreditorlarning shikoyatlari asosli deb topilgan boʻlsa, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlashni rad etadi hamda tashqi boshqaruvni joriy etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi yoxud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
