84-modda. Sanatsiya rejasiga va qarzni uzish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdor sanatsiya rejasini va (yoki) qarzni uzish jadvalini bajarmagan taqdirda (qarz belgilangan muddatlarda va (yoki) belgilangan hajmlarda uzilmaganda), u qarzni uzish jadvaliga kiritish moʻljallanayotgan oʻzgartirishlarni maʼqullash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan talablarni bajarish sanasi boshlangan paytdan eʼtiboran ikki hafta muddat ichida kreditorlarga murojaat qilishga haqli. Iltimosnomaning koʻchirma nusxasi sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga yuboriladi. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi iltimosnoma olingan paytdan eʼtiboran ikki haftadan kechiktirmay shu iltimosnoma asosida kreditorlar yigʻilishini chaqiradi.
Kreditorlar yigʻilishining sanatsiya rejasiga va (yoki) qarzni uzish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qarori birinchi va ikkinchi guruh kreditorlari tomonidan, agar har bir alohida guruhdagi kreditorlarning koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilinadi.
Qarzni uzish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish haqida qaror qabul qilingan taqdirda, kreditorlar yigʻilishi qarzni uzish jadvalidagi oʻzgartishlarni tasdiqlash haqidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganligi haqida oʻz vaqtida xabar qilinmagan va qarzni uzish jadvali iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin ishga qoʻshilgan kreditorning talablari yoki majburiyatlarni bajarish muddati kuzatuv jarayonida boshlangan talablar iqtisodiy sudning ajrimiga koʻra qarzni uzish jadvaliga kiritiladi.
Iqtisodiy sud faqat kreditorlarning talablari reyestriga kiritilgan talablarga nisbatan qarzni uzish jadvaliga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida ajrim chiqarishga haqli
