81-modda. Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining huquqlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi quyidagilarga haqli:
qarzdorning rahbaridan qarzdorning joriy faoliyati toʻgʻrisida va sud sanatsiyasi rejasida nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishi hamda qarzni uzish jadvali bajarilishi jarayoni haqida axborot talab qilish;
qarzdorning rahbaridan kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun pul mablagʻlari oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini talab qilish;
qarzdor tomonidan mol-mulkning inventarizatsiyasi oʻtkazilgan taqdirda unda ishtirok etish;
kreditorlar joriy talablarini qarzdor oʻz vaqtida bajarishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
ushbu Qonun 79-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda qarzdorning bitimlari va qarorlarini kelishib olish hamda mazkur bitimlar va qarorlar haqida kreditorlarga axborot taqdim etish;
ushbu Qonunning 59 va 70-moddalarida belgilangan hollarda va tartibda qarzdorning kreditorlar talablarini tan olish yoki bunday talablarni aniqlangan deb topish uchun asoslarni tasdiqlash boʻyicha harakatlari yoxud qarzdorning kreditorlar talablarini koʻrib chiqish borasidagi harakatsizligi ustidan iqtisodiy sudga shikoyat berish;
ushbu Qonun 79-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda qarzdorning rahbarini vazifasini bajarishdan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish;
qarzdorning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish haqidagi, shu jumladan mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxslarga oʻtkazish, shuningdek bunday choralarni bekor qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
