79-modda. Sud sanatsiyasini joriy etish oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Sud sanatsiyasi oʻtkazilayotganda qarzdorning boshqaruv organlari oʻz vakolatlarini ushbu bobda belgilangan cheklovlar bilan amalga oshiradilar.
Sud sanatsiyasi joriy etilgan paytda:
kreditorlarning talablarini taʼminlash yuzasidan ilgari qabul qilingan choralar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va qarzdorga nisbatan uning oʻziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish borasidagi vakolatlarini boshqacha tarzda cheklovlar faqat bankrotlik taomili doirasida joriy etilishi mumkin;
sud sanatsiyasi paytida yuzaga kelgan pul majburiyatlarini va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka (jarima, penya) va boshqa iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar, toʻlanishi lozim boʻladigan foizlar qoʻllanilmaydi.
Qarzni uzish jadvaliga muvofiq qondirilishi lozim boʻlgan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha kreditorning talablari summasiga Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda foizlar hisoblanadi. Bu foizlar sud sanatsiyasini joriy etish haqida iqtisodiy sud ajrim chiqargan paytdan eʼtiboran va kreditorning talabini qanoatlantirish paytigacha, agar bunday qanoatlantirish roʻy bermasa, qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish paytigacha kreditorning talablari summasiga qoʻshib yozilishi lozim.
Kreditorlar yigʻilishining, majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslarning yoki sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining qarzdorning rahbari sud sanatsiyasi rejasini bajarmaganligi yoxud lozim darajada bajarmaganligi haqidagi yoki qarzdorning rahbari qarzdorning, kreditorlarning, majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlar (harakatsizlik) sodir etganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan iltimosnomasiga binoan iqtisodiy sud qarzdorning rahbarini vazifasini bajarishdan chetlashtirishga haqli. Bunday hollarda iqtisodiy sud qarzdorning rahbari vazifasini ijro etishni sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining zimmasiga yuklashga haqli. Iqtisodiy sud qarzdorning rahbarini vazifasini bajarishdan chetlashtirish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, bu ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
