76-modda. Sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnoma
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kuzatuv jarayonida qarzdor, qarzdor muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi, shuningdek uchinchi shaxs (shaxslar) sud sanatsiyasini joriy etish haqida iqtisodiy sudga murojaat qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan kreditorlarning birinchi yigʻilishiga yoxud sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnoma bilan bevosita iqtisodiy sudga murojaat qilishga haqli.
Qarzdorning sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnomasiga sud sanatsiyasining taklif qilinayotgan muddati va qarzni uzish jadvali koʻrsatilgan holda qarzdorning sud sanatsiyasi rejasi ilova qilinmogʻi lozim.
Sud sanatsiyasini joriy etish haqida iqtisodiy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan kreditorlar yigʻilishiga murojaat qilgan shaxslar mazkur iltimosnomani va unga ilova qilinadigan hujjatlarni kreditorlarga bu hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini berish maqsadida kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sanaga kamida ikki hafta qolganida muvaqqat boshqaruvchiga taqdim etishlari shart.
Qarzdor muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulki egasining sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnomasiga sud sanatsiyasining rejasi, qarzni uzish jadvali, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) umumiy yigʻilishining bayonnomasi uning sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnoma bilan kreditorlar yigʻilishiga murojaat etish uchun ovoz bergan muassislari (ishtirokchilari) hamda bu shaxslar tomonidan qarzni uzish jadvali qarzdor tomonidan ijro etilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi hujjatlar koʻrsatilgan holda ilova qilinmogʻi lozim.
Uchinchi shaxsning (shaxslarning) sud sanatsiyasini joriy etish haqidagi iltimosnomasiga qarzni uzish jadvali va qarzdorning qarzni uzish jadvalini bajarishi uchinchi shaxs (shaxslar) tomonidan taʼminlanishiga oid dalillar ilova qilinmogʻi lozim.
Sud sanatsiyasini joriy etish haqida iqtisodiy sudga murojaat qilish toʻgʻrisida kreditorlarning yigʻilishiga bir necha shaxs iltimosnoma bilan murojaat etgan taqdirda qarzdorning qarzni uzish jadvalini bajarishi bu shaxslarning har biri tomonidan taʼminlanishi ular oʻrtasidagi bitimga binoan belgilanadi.
