52-modda. Iqtisodiy sud tomonidan chiqarilgan sud hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud tomonidan kuzatuvni, sud sanatsiyasini, tashqi boshqaruvni joriy etish, bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish, sud boshqaruvchisini tayinlash, almashtirish yoki vazifasidan ozod qilish haqida chiqarilgan ajrimlar haqidagi, qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qarorlar, mazkur hujjatlarni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinganligi haqidagi maʼlumotlar rasmiy nashrda eʼlon qilinadi. Rasmiy nashrning tiraji, davriyligi va shunday maʼlumotlarni eʼlon qilish muddati, koʻrsatiladigan xizmatlarni moliyalashtirish tartibi hamda bunday xizmatlarning narxlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi va istalgan manfaatdor shaxsning mazkur maʼlumotlardan erkin foydalana olishi uchun monelik qilmasligi lozim.
Ushbu Qonunga muvofiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan sud hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda elektron ommaviy axborot vositalarida ham eʼlon qilinishi mumkin.
Sud boshqaruvchisi eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni tegishli sud hujjati olingan sanadan eʼtiboran uch kun ichida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan rasmiy nashr manziliga yuboradi.
Eʼlon qilish uchun yuborilgan sud hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish bu maʼlumotlar olingan paytdan eʼtiboran yetti kun ichida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan maʼlumotlarni eʼlon qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash, agar ushbu Qonunda yoki kreditorlar yigʻilishining yoxud kreditorlar qoʻmitasining qarorida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, qarzdorning pul mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Qarzdorda pul mablagʻlari boʻlmasa, bunday maʼlumotlarni eʼlon qilish haqini toʻlashni sud boshqaruvchisi amalga oshiradi, bu mablagʻlar keyinchalik qarzdorning mol-mulki hisobidan qoplanadi.
Qarzdorda eʼlon qilish xarajatlarini qoplashga yetarli mol-mulk boʻlmasa, xarajatlarni qoplash qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etgan kreditor hisobidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiy sud tomonidan chiqarilgan sud hujjatlari haqidagi maʼlumotlar boshqa ommaviy axborot vositalarida ham eʼlon qilinishi mumkin.
