48-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash sudya tomonidan, Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda, ushbu Qonunda belgilangan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
Qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza tushgan kundan eʼtiboran sudya oʻn kundan kechiktirmay kuzatuvni joriy etish haqidagi masalani hal qiladi.
Kreditorlarning talablari yuzasidan qarzdorda eʼtirozlar boʻlsa, sudya qarzdorning eʼtirozlari asosliligini tekshiradi.
Sudyaning qarzdor eʼtirozlari (muvaqqat boshqaruvchi iltimosnomalari) asosliligini tekshirishi bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishning belgilangan muddatiga kamida bir oy muhlat qolganda oʻtkaziladi.
Iqtisodiy sud qarzdorning eʼtirozlari asosliligini koʻrib chiqish natijalari asosida mazkur talablarni kreditorlarning talablari reyestriga kiritish yoki mazkur reyestrga kiritishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi. Ajrimda kreditorlarning, agar ularga nisbatan qarzdorning eʼtirozlari asossiz deb topilgan boʻlsa, talablari miqdori va ularni qondirish navbati koʻrsatiladi.
Kreditorlarning talablari yuzasidan qarzdorning eʼtirozlarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha iqtisodiy sud chiqargan ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin. Mazkur ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) uning amal qilishini toʻxtatib qoʻymaydi.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash paytida, shuningdek bankrotlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotganda iqtisodiy sud qarzdorning moliyaviy ahvolini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashga haqli.
