46-modda. Kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxsning arizasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga muvofiq kreditorlar talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar koʻrishga haqli.
Kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir, Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida nazarda tutilgan chora-tadbirlardan tashqari iqtisodiy sud bitimlarni sud boshqaruvchisi roziligisiz tuzishni taqiqlab qoʻyishga, qarzdorga qimmatli qogʻozlarni, valyuta qimmatliklarini va boshqa mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxslarga topshirishni yuklashga hamda qarzdorning mol-mulki saqlanishini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar koʻrishga haqli.
Kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar tegishincha iqtisodiy sud tomonidan bankrotlik taomillaridan birini joriy etish toʻgʻrisida yoki iqtisodiy sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topishni rad etish haqida qaror qabul qilingunga qadar yoxud iqtisodiy sud tomonidan kelishuv bitimi tasdiqlangunga qadar amal qiladi.
Iqtisodiy sud ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan holatlar yuzaga kelgunga qadar kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlarni bekor qilishga haqli.
Iqtisodiy sudning kreditorlarning talablarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
