36-modda. Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda quyidagilar ishtirok etuvchi shaxslar deb hisoblanadi:
qarzdor;
sud boshqaruvchisi;
kreditorlar, ular tomonidan qarzdorga ushbu Qonunda belgilangan tartibda talablar taqdim etilgan paytdan eʼtiboran;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha davlat organi;
bankrotlik toʻgʻrisidagi ish prokurorning arizasi asosida koʻrilayotgan hollarda, prokuror.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda qarzdorning xodimlari vakili, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) vakili yoki qarzdorning mol-mulki egasi, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning vakili, kreditorlar yigʻilishi (kreditorlar qoʻmitasi) vakili hamda boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etuvchi shaxslar bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda qoʻllaniladigan har qanday tartib-taomil jarayonida iqtisodiy sudga soxta bankrotlik, bankrotlikni yashirish yoki qasddan bankrotlikka olib kelish alomatlarini aniqlash maqsadida ekspertiza tayinlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin.
