3-modda. Asosiy tushunchalar
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) – iqtisodiy sud tomonidan eʼtirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari boʻyicha kreditorlar talablarini toʻla hajmda qondirishga va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha oʻz majburiyatini toʻla hajmda bajarishga qodir emasligi;
bir turdagi kreditorlar — qarzdorga nisbatan bir xil talablarga ega boʻlgan va ularni qanoatlantirishda bir-biriga nisbatan imtiyozga ega boʻlmagan kreditorlar guruhi;
kelishuv bitimi – taraflarning sud nizosini oʻzaro yon berish asosida tugatish toʻgʻrisidagi bitimi;
kreditorlar – qarzdor pul majburiyatlari boʻyicha va (yoki) majburiy toʻlovlar majburiyatini bajarish boʻyicha qaysi yuridik yoki jismoniy shaxs oldida javobgar boʻlsa, ayni shu yuridik yoki jismoniy shaxslar (qarzdor qaysi fuqaroning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi uchun javobgar boʻlsa, ayni shu fuqaro, shuningdek oʻz ishtirokidan kelib chiqadigan majburiyatlar boʻyicha qarzdor yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) bundan mustasno);
kreditorlar yigʻilishi (kreditorlar qoʻmitasi) vakili – bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etishiga kreditorlar yigʻilishi yoki kreditorlar qoʻmitasi tomonidan vakolat berilgan shaxs;
kuzatuv – iqtisodiy sud tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash, qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini oʻtkazish maqsadida qarzdorni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza qabul qilingan paytdan eʼtiboran keyingi taomilga qadar qoʻllaniladigan bankrotlik taomili;
majburiy toʻlovlar – davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar;
moratoriy – qarzdor yuridik shaxs tomonidan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy toʻlovlar majburiyati bajarilishini toʻxtatib turish;
pul majburiyati – qarzdorning fuqarolik-huquqiy shartnomasi boʻyicha hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra kreditorga muayyan pul summasini toʻlash majburiyati;
sud boshqaruvchisi (muvaqqat boshqaruvchi, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi, tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi) – bankrotlik taomillarini oʻtkazish maqsadida iqtisodiy sud tomonidan tayinlanadigan shaxs;
