183-modda. Kreditorlarning talablarini qondirish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud depozitiga kiritilgan pul mablagʻlari hisobidan kreditorlarning talablarini qondirishdan oldin bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish va iqtisodiy sudning qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorni yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi qarorini bajarish bilan bogʻliq xarajatlar qoplanadi, shuningdek qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs qaysi fuqaroning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi uchun qonunchilikka muvofiq javobgar boʻlsa, shu fuqaroning talablari qondiriladi.
Kreditorlarning talablari quyidagi navbat boʻyicha qondiriladi:
birinchi navbatda — aliment undirish toʻgʻrisidagi talablar, shuningdek mehnatga haq toʻlashga oid va mualliflik shartnomalari boʻyicha haq toʻlashga oid hisob-kitoblar nazarda tutilgan talablar;
ikkinchi navbatda — majburiy toʻlovlar boʻyicha talablar, kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarining garovga qoʻyilgan mol-mulkni (garov narsasini) sotishdan tushgan summa yetarli boʻlmaganligi oqibatida qoplanmay qolgan qarzdorlikka taalluqli qismi va kreditorlarning garov bilan taʼminlanmagan talablari;
uchinchi navbatda boshqa kreditorlar bilan hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Har qaysi navbat boʻyicha talablar oldingi navbat talablari toʻla qondirilganidan keyin qondiriladi.
Iqtisodiy sudning depozitida pul mablagʻlari yetarli boʻlmasa, bu mablagʻlar tegishli navbatdagi kreditorlar oʻrtasida ular talablarining summasiga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
