176-modda. Qarzlarni uzish rejasi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdor yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxsning bankrot deb topish toʻgʻrisidagi arizasiga qarzlarni uzish rejasi ilova qilinishi mumkin, rejaning nusxalari kreditorlarga va bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga yuboriladi.
Kreditorlarning eʼtirozi boʻlmasa, iqtisodiy sud qarzlarni uzish rejasini tasdiqlashi mumkin, bu esa bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritilishini uzogʻi bilan ikki oygacha muddatga toʻxtatib turish uchun asos boʻladi.
Qarzlarni uzish rejasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
rejani amalga oshirish muddati;
qarzdor yoki uning oila aʼzolari isteʼmoli uchun har oyda qoldiriladigan summa miqdori;
kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun har oyda yuborish moʻljallanayotgan summa miqdori.
Iqtisodiy sud bankrotlik toʻgʻrisidagi ishda ishtirok etayotgan shaxslarning asoslantirilgan iltimosnomasiga binoan qarzlarni uzish rejasini oʻzgartirishga, shu jumladan uni amalga oshirish muddatini uzaytirishga yoki qisqartirishga, qarzdor yoki uning oila aʼzolari isteʼmoli uchun har oyda qoldiriladigan summa miqdorini koʻpaytirishga yoki kamaytirishga haqli.
Agar qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs qarzlarni uzish rejasini bajarganligi natijasida kreditorlarning talablari toʻla hajmda qanoatlantirilgan boʻlsa, bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish tugatilishi kerak.
