173-modda. Kuzatuv, tashqi boshqaruv va tugatishga doir ish yuritishning oʻziga xos xususiyatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Kuzatuv joriy etilgan paytdan eʼtiboran muvaqqat boshqaruvchi oʻzi tayinlangan paytdan boshlab oʻn kunlik muddat ichida oʻzlariga qarashli qimmatli qogʻozlarni qimmatli qogʻozlar bozorining qarzdor professional ishtirokchisiga boshqaruvga topshirgan qimmatli qogʻozlar bozorining investorlariga bankrotlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilganligi va muvaqqat boshqaruvchi oʻz huquqini amalga oshira boshlaganligi haqida xabarnoma yuborishi shart. Mijozlarning qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining tasarrufida boʻlgan qimmatli qogʻozlari va boshqa mol-mulki tugatish massasiga kiritilmaydi.
Tashqi boshqaruv yoki tugatishga doir ish yuritish joriy etilgan paytdan eʼtiboran mijozlarning qolgan qimmatli qogʻozlari, agar tashqi boshqaruvchining yoki tugatish boshqaruvchisining mijozlar bilan kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, mijozlarga qaytarilishi lozim.
Agar mijozlarning oʻzlariga qarashli bir turdagi (bir emitent chiqargan, bir toifadagi, bir tipdagi, bir seriyadagi) qimmatli qogʻozlarni qaytarish xususidagi talablari qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining ixtiyoridagi mazkur qimmatli qogʻozlar miqdoridan ortiq boʻlsa, mazkur qimmatli qogʻozlarni mijozlarga qaytarish mijozlarning talablariga mutanosib ravishda amalga oshiriladi. Mijozlar talablarining qondirilmagan qismi pul majburiyatlari deb eʼtirof etiladi va ushbu Qonunning VII bobida nazarda tutilgan tartibda qondiriladi (qanoatlantiriladi).
Qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining tashqi boshqaruvi chogʻida tashqi boshqaruvchi oʻziga mijozlar tomonidan boshqaruvga topshirilgan qimmatli qogʻozlarni mijozlarning roziligi bilan va ularning nomidan qimmatli qogʻozlar bozorining boshqa professional ishtirokchisiga topshirishi mumkin.
