169-modda. Sugʻurtalovchining kreditorlari talablarini qondirish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud sugʻurtalovchini bankrot deb topgan taqdirda kreditorlarning talablari quyidagi tartibda qondiriladi:
birinchi navbatda – sugʻurta qildiruvchilarning hayotni sugʻurta qilish sohasidagi majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha talablari;
ikkinchi navbatda – sugʻurta qildiruvchilarning boshqa majburiy sugʻurta shartnomalari boʻyicha talablari;
uchinchi navbatda – boshqa sugʻurta qildiruvchilarning (naf oluvchilarning) talablari;
toʻrtinchi navbatda – majburiy toʻlovlarni nazarda tutuvchi toʻlov (ijro) hujjatlari boʻyicha talablar. Mazkur talablar toʻla qondirilganidan keyin ijtimoiy sugʻurta boʻyicha talablar va jinoyat yoki maʼmuriy huquqbuzarlik oqibatida fuqarolarning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash boʻyicha talablari qondiriladi;
beshinchi navbatda – sugʻurtalovchining boshqa kreditorlari talablari.
