162-modda. Qishloq xoʻjaligi korxonalarida kuzatuv, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruvning oʻziga xos xususiyatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi korxonasida kuzatuv, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv yetishtirilgan tovar qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun zarur vaqtni hisobga olgan holda qishloq xoʻjaligi ishlarining tegishli davri tugagunga qadar boʻlgan muddatga joriy etiladi. Bunda kuzatuv taomili muddati uch oydan, sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillari muddati esa ushbu Qonun 91-moddasining uchinchi qismida belgilangan muhlatdan oshib ketmasligi lozim.
Sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv muddati mobaynida tabiiy ofatlar va boshqa fors-major holatlar tufayli qishloq xoʻjaligi korxonasining ishlab chiqarishida pasayish va moliyaviy ahvolida yomonlashish sodir boʻlgan boʻlsa, sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv muddati oʻn ikki oyga uzaytirilishi mumkin.
Sud sanatsiyasini muddatidan ilgari tugatish, ushbu Qonunning 86-moddasi talablariga muvofiq, faqat qishloq xoʻjaligi ishlarining tegishli davri tugashi muddatini hamda yetishtirilgan tovar qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilish uchun zarur boʻlgan vaqtni inobatga olgan holda amalga oshirilishi mumkin.
Fermer xoʻjaliklariga va yuridik shaxsni tashkil etgan holdagi dehqon xoʻjaliklariga nisbatan tashqi boshqaruv taomili joriy etilmaydi.
