145-modda. Kelishuv bitimi tuzish tartibi
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdor va kreditorlar iqtisodiy sud tomonidan bankrotlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishning har qanday bosqichida kelishuv bitimi tuzishga haqli.
Kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qarorni kreditorlar nomidan kreditorlar yigʻilishi qabul qiladi. Kreditorlar yigʻilishining kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qarori kreditorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va qaror, basharti qarzdorning garov bilan taʼminlangan mol-mulki majburiyatlari boʻyicha barcha kreditorlar uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Kreditor vakilining kelishuv bitimini tuzish masalasi haqida ovoz berish borasidagi vakolatlari uning ishonchnomasida alohida nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Kelishuv bitimi tuzish toʻgʻrisidagi qaror qarzdor nomidan tegishincha qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs yoxud qarzdorning rahbari, tashqi boshqaruvchi yoki tugatish boshqaruvchisi tomonidan qabul qilinadi.
Kelishuv bitimida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladigan uchinchi shaxslarning kelishuv bitimida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
Kelishuv bitimi iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlanishi kerak, bu haqda ajrim chiqarilib, unda bankrotlik toʻgʻrisida ish yuritishni tugatish koʻrsatiladi. Agar kelishuv bitimi tugatishga doir ish yuritish jarayonida tuzilgan boʻlsa, iqtisodiy sud kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida ajrim chiqaradi, unda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qaror ijro etilmasligi koʻrsatiladi.
Kelishuv bitimi qarzdor, kreditorlar, shuningdek kelishuv bitimida ishtirok etayotgan uchinchi shaxslar uchun iqtisodiy sud tomonidan tasdiqlangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va ular uchun majburiy hisoblanadi. Kuchga kirgan kelishuv bitimini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kelishuv bitimi tuzishni yoqlab ovoz bergan kreditor, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan yoxud ovoz berishda qatnashmagan kreditorlar oldida qarzdorning pul majburiyatlarini va (yoki) majburiy toʻlovlar boʻyicha majburiyatini bajarishga haqli. Bunday hollarda kreditor qarzdor uchun taklif qilingan ijroni qabul qilishi shart, qarzdorning majburiyatlarini bajargan shaxsga kreditorning majburiyat boʻyicha huquqlari oʻtadi.
