143-modda. Qarzdorning kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulki
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Qarzdorning sotishga taklif qilingan, lekin tugatishga doir ish yuritish mobaynida realizatsiya qilinmagan mol-mulki tugatish boshqaruvchisi tomonidan kreditorlarga kreditorlik qarzlarini uzish hisobiga taklif etiladi. Kreditor ushbu mol-mulkni qabul qilishga rozilik berish yoki uni rad etish yoxud ushbu masalani qonunda belgilangan hollarda kreditorning kuzatuv kengashiga yoki muassislari (ishtirokchilari) umumiy yigʻilishiga koʻrib chiqish uchun kiritish toʻgʻrisida tugatish boshqaruvchisini realizatsiya qilinmagan mol-mulk haqida taklif olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida yozma shaklda xabardor etadi. Kreditor tomonidan yozma xabarning belgilangan muddatda taqdim etilmaganligi mol-mulkni qabul qilish rad etilishiga tenglashtiriladi.
Tugatish boshqaruvchisi qarzdorning kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulki, shuningdek qarzdorning sotishga taklif qilingan, lekin tugatishga doir ish yuritish mobaynida realizatsiya qilinmagan mol-mulki toʻgʻrisida kreditorlar mazkur mol-mulkni oʻz talablarini qanoatlantirish uchun qabul qilishni rad etgan taqdirda va agar qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdorning mol-mulki egasi kreditorlarning talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulkka boʻlgan huquqlari toʻgʻrisida ariza taqdim etgan boʻlmasa, mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida mol-mulkni balansga oladi va uni saqlab turishga doir barcha xarajatlarni qoplaydi. Mol-mulkni qabul qilishdan bosh tortilgan yoki qabul qilishdan boʻyin tovlangan taqdirda tugatish boshqaruvchisi tegishli organni mazkur mol-mulk qabul qilishga undash toʻgʻrisidagi ariza bilan iqtisodiy sudga murojaat etishga haqli. Iqtisodiy sud mol-mulk topshirilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar asosida tugatishga doir ish yuritishni tamomlash haqida ajrim chiqaradi.
Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonaning sotishga taklif qilingan, lekin tugatishga doir ish yuritish mobaynida realizatsiya qilinmagan mol-mulki, agar kreditorlar mazkur mol-mulkni oʻz talablarini qanoatlantirish uchun bankrot yuridik shaxsni tugatishga doir ish yuritishning belgilangan muddatida qabul qilishni rad etgan boʻlsa, davlat mulkiga oʻtadi hamda tugatish boshqaruvchisi uni mahalliy davlat hokimiyati organlari balansiga topshiradi. Iqtisodiy sud mol-mulk topshirilganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar asosida tugatishga doir ish yuritishni tamomlash haqida ajrim chiqaradi.
