141-modda. Tashqi boshqaruvga oʻtish imkoniyati
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Agar qarzdorga nisbatan sud sanatsiyasi va (yoki) tashqi boshqaruv taomili joriy etilgan boʻlmasa, tugatishga doir ish yuritish mobaynida esa qarzdorning toʻlov qobiliyati tiklanishi mumkin deb hisoblash uchun yetarli asoslar, shu jumladan moliyaviy tahlil maʼlumotlari bilan tasdiqlangan asoslar paydo boʻlsa, tugatish boshqaruvchisi mazkur holatlar aniqlangan paytdan eʼtiboran bir oylik muddat ichida tugatishga doir ish yuritishni tugatish va tashqi boshqaruvga oʻtish haqida iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish maqsadida qarzdorning kreditorlari yigʻilishini chaqirishi shart.
Tugatishga doir ish yuritishni tugatish va tashqi boshqaruvga oʻtish haqidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror shunday qarorni qabul qilish haqidagi masalani koʻrib chiqayotgan kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilayotgan paytdagi holatga koʻra qanoatlantirilmagan kreditorlar talablari umumiy miqdorining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Tugatishga doir ish yuritishni tugatish va tashqi boshqaruvga oʻtish haqida iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi kreditorlar yigʻilishining qarorida tashqi boshqaruvning taklif qilinayotgan muddati va tashqi boshqaruvchilikka nomzod, shuningdek bu nomzod haqidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim.
