132-modda. Tugatishga doir ish yuritish jarayonida qarzdorning hisobvaraqlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tugatish boshqaruvchisi tugatishga doir ish yuritish jarayonida qarzdorning soʻmda ish yuritadigan yagona va valyutada ish yuritadigan yagona hisobvaraqlaridan (bundan buyon matnda qarzdorning yagona hisobvaraqlari deb yuritiladi) foydalanishi shart. Qarzdorning bankdagi tugatishga doir ish yuritish boshlanayotgan paytda maʼlum boʻlgan, shuningdek tugatishga doir ish yuritish jarayonida aniqlangan boshqa hisobvaraqlari aniqlanishi bilanoq tugatish boshqaruvchisi tomonidan yopilishi lozim. Qarzdorning ana shu hisobvaraqlardagi pul mablagʻlari qoldigʻi qarzdorning yagona hisobvaraqlariga oʻtkazilishi lozim.
Tugatishga doir ish yuritish jarayonida kelib tushgan pul mablagʻlari ham qarzdorning yagona hisobvaraqlariga oʻtkaziladi.
Qarzdorning yagona hisobvaraqlaridan kreditorlarga toʻlovlar ushbu Qonunning 133, 134 va 169-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi hamda quyidagilar toʻlanadi:
tugatish boshqaruvchisiga haq toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar;
qarzdorning kommunal xizmatlar va foydalanish xarajatlariga oid joriy toʻlovlari;
bankrotlik taomillari jarayonida yuzaga kelgan maʼlumotlarni eʼlon qilish, shuningdek qarzdorning kreditorlarini xabardor qilish bilan bogʻliq xarajatlar;
tugatishga doir ish yuritishni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlar.
Tugatish boshqaruvchisi qarzdorning pul mablagʻlaridan foydalanganlik toʻgʻrisidagi hisobotni kreditorlar yigʻilishiga yoki kreditorlar qoʻmitasiga ularning talabiga binoan taqdim etadi.
