119-modda. Kreditorlar bilan hisob-kitoblarga oʻtish toʻgʻrisida ajrim chiqarish oqibatlari
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Iqtisodiy sud tomonidan kreditorlar bilan hisob-kitoblarga oʻtish toʻgʻrisida ajrim chiqarilishi kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq barcha kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash uchun asos boʻladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblarga oʻtish toʻgʻrisida iqtisodiy sud chiqargan ajrimda kreditorlar bilan hisob-kitoblarni tugatish muddati belgilanadi, bu muddat mazkur ajrim chiqarilgan sanadan eʼtiboran olti oydan oshmasligi lozim.
Bankrotlik toʻgʻrisidagi ish yuritish kreditorlar bilan hisob-kitoblar tugallanganidan va tashqi boshqaruvchining hisoboti kreditorlar bilan hisob-kitoblar yakunlariga koʻra iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqilganidan keyin tugatiladi.
Agar iqtisodiy sud tomonidan belgilangan muddatda kreditorlar bilan hisob-kitoblar qilinmagan boʻlsa, iqtisodiy sud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
