107-modda. Tashqi boshqaruv rejasini koʻrib chiqish
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (474-II-son) · Sana: 24.04.2003 · Amalda
Tashqi boshqaruv rejasi kreditorlarning yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqiladi, yigʻilish tashqi boshqaruv joriy etilgan paytdan eʼtiboran ikki oydan kechiktirmay tashqi boshqaruvchi tomonidan chaqiriladi. Tashqi boshqaruvchi barcha kreditorlarga kreditorlar yigʻilishi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida yozma shaklda xabar qiladi hamda mazkur yigʻilish oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin ularga tashqi boshqaruv rejasi bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlaydi.
Kreditorlar yigʻilishida tashqi boshqaruvchi, qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili hamda qarzdorning xodimlari vakili maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etish huquqiga ega.
Tashqi boshqaruv rejasi, agar yigʻilishda ishtirok etayotgan kreditorlarning yarmidan koʻprogʻi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, tasdiqlangan deb hisoblanadi.
Kreditorlar yigʻilishi quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan iqtisodiy sudga murojaat etish haqidagi qaror;
tashqi boshqaruv rejasini rad etish hamda tashqi boshqaruvchini vazifasini bajarishdan ayni bir paytda tashqi boshqaruvchilikka tavsiya etilayotgan yangi nomzodni tasdiqlagan holda ozod qilish haqidagi tegishli iltimosnoma bilan iqtisodidy sudga murojaat etish toʻgʻrisidagi qaror. Ushbu qarorda tashqi boshqaruvning yangi rejasini koʻrib chiqish uchun kreditorlarning keyingi yigʻilishi chaqiriladigan sana nazarda tutilgan boʻlishi va bu muddat kreditorlar yigʻilishi mazkur qarorni chiqargan kundan eʼtiboran bir oydan oshmasligi kerak.
Kreditorlar yigʻilishida tasdiqlangan tashqi boshqaruv rejasi va kreditorlar yigʻilishining bayonnomasi kreditorlar yigʻilishi oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay tashqi boshqaruvchi tomonidan iqtisodiy sudga taqdim etiladi.
Agar ushbu moddaning birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlarda iqtisodiy sudga tashqi boshqaruv rejasi taqdim etilmagan boʻlsa, iqtisodiy sud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
