11-modda. Toʻlov tizimi aʼzolarining huquq va majburiyatlari
Elektron toʻlovlar toʻgʻrisida (O‘RQ-13-son) · Sana: 16.12.2005 · Amalda
Toʻlov tizimining aʼzolari elektron toʻlovlarni amalga oshirganlik uchun haq olishga va qonunda belgilangan hollarda toʻlov tizimidan foydalanuvchilarning hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishga haqlidir.
Toʻlov tizimining aʼzolari tegishli toʻlov tizimining belgilangan qoidalariga muvofiq elektron toʻlov hujjatiga ishlov berilishini va uning muhofaza qilinishini taʼminlashlari kerak. Bunda toʻlov tizimining aʼzosi — bank:
toʻlov tizimidan foydalanuvchining hisobvaragʻiga tushadigan pul mablagʻlarini qabul qilishi va hisobga kiritishi, uning tegishli summalarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi topshiriqlarini bajarishi;
oʻzining aybi bilan notoʻgʻri amalga oshirilgan operatsiyalarni tiklashi yoki tuzatishi;
toʻlov tizimidan foydalanuvchiga uning hisobvaragʻiga oid axborotni shartnomada belgilangan muddatlarda qogʻozdagi yoki elektron shaklda taqdim etishi;
pul mablagʻlari oluvchining-toʻlov tizimidan foydalanuvchining hisobvaragʻiga tushganligini toʻlovchining-toʻlov tizimidan foydalanuvchining soʻrovi boʻyicha qogʻozdagi yoki elektron shaklda tasdiqlashi shart.
Toʻlov tizimining aʼzolari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
