53-modda. Jamoa bogʻlari, tokzorlari, ekinzorlarini va tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun suv obyektlaridan foydalanish
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Jamoa bogʻlari, tokzorlari, ekinzorlarini va tomorqa yer uchastkalarini suv bilan taʼminlash belgilangan tartibda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan suv yetkazib berish va suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Fuqarolarning ekinzorlarini va tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun suv resurslarini ajratish xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanadigan fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining suv olish limitlarida nazarda tutiladi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari fuqarolarning ekinzorlarni va tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun suvga boʻlgan ehtiyojlarini umumlashtiradi, suv yetkazib berish va suv xoʻjaligi xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnomalar tuzadi, ular oʻrtasidagi suvni isteʼmol qilish tartibini belgilaydi, shuningdek sugʻorish tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash ishlarini tashkil etadi.
