27-modda. Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma berish tartibi
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Tabiiy suv obyektlarining suvidan maxsus foydalanish yoki ularning suvini maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma yer usti suvlari boʻyicha — suv xoʻjaligi organlari bilan kelishilgan holda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari, yer osti suvlari boʻyicha — geologiya va mineral resurslar organlari tomonidan beriladi.
Sunʼiy suv obyektlarining suvidan maxsus foydalanish yoki ularning suvini maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga, magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalariga, suv omborlaridan foydalanish boshqarmalariga, transchegaraviy suv obyektlaridan, viloyatlararo ahamiyatga molik suv obyektlaridan, katta va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga, nasos stansiyalari, energetika va aloqa boshqarmalariga, melioratsiya ekspeditsiyalariga, shuningdek boshqa suvdan foydalanuvchilarga va suv isteʼmolchilariga — respublika yoki viloyatlararo ahamiyatga molik suv obyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan;
irrigatsiya tizimlari boshqarmalariga, shuningdek boshqa suvdan foydalanuvchilarga va suv isteʼmolchilariga — viloyat yoki tumanlararo ahamiyatga molik suv obyektlaridan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan;
suv isteʼmolchilari uyushmalariga, shuningdek boshqa suvdan foydalanuvchilarga va suv isteʼmolchilariga — tuman ahamiyatiga molik suv obyektlaridan, shu jumladan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan beriladi.
Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
