21-modda. Asosiy tushunchalar
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yer osti suvlari — yer sathidan pastda yer qobigʻining togʻ jinslari qatlamlarida joylashgan suvlar;
yer usti suvlari — yer qobigʻining ustida joylashgan suvlar;
melioratsiya obyektlari — kollektor-drenaj va yer usti tashlama suvlarini toʻplash hamda ularni sugʻoriladigan yerlardan tashqariga chiqarib tashlashga koʻmaklashadigan, kollektorlarni va kollektor-drenaj tarmogʻini, vertikal drenaj quduqlarini, melioratsiya nasos stansiyalarini (agregatlarini) va kuzatuv tarmogʻini oʻz ichiga oladigan suv xoʻjaligi obyektlari;
suvlar — suv obyektlarida toʻplangan barcha suvlar majmui;
suv isteʼmoli (suvni isteʼmol qilish) — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlarini qondirish uchun suv resurslaridan ularni suv obyektidan belgilangan tartibda olgan holda foydalanish;
suv isteʼmolchilari uyushmasi — yuridik shaxs boʻlgan suv isteʼmolchilari tomonidan suvga doir munosabatlar sohasidagi oʻz faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun ixtiyoriy asosda tashkil etiladigan nodavlat notijorat tashkiloti;
suv isteʼmolchisi — oʻz ehtiyojlarini qondirish uchun suv obyektidan yoki suv xoʻjaligi obyektidan suv resurslarini belgilangan tartibda oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha toʻplanadigan va suv rejimining oʻziga xos shakllari va belgilari boʻlgan tabiiy (jilgʻalar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sunʼiy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (koʻllar, dengizlar, yer osti suvli qatlamlari) va sunʼiy (suv omborlari, sel suvlari toʻplanadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek buloqlar va boshqa obyektlar;
suv obyektlarini muhofaza qilish — suv obyektlarini saqlash va tiklashga qaratilgan tadbirlar tizimi;
suv rejimi — suv obyektlari va tuproq-gruntda suv sathi, tezligi, sarfi va hajmining vaqt boʻyicha oʻzgarishi;
suv resurslari — foydalaniladigan yoki foydalanilishi lozim boʻlgan suv obyektlari suvlari;
suv xoʻjaligi — iqtisodiyotning suv resurslarini va suv obyektlarini oʻrganish, hisobga olish, boshqarish, ulardan foydalanish, ularni muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli taʼsiriga qarshi kurashishni qamrab oluvchi tarmogʻi;
