182-modda. Suv isteʼmolchilari uyushmalari
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suv isteʼmolchilari uyushmalari asosan gidrografiya prinsipiga yoki suv resurslarini oqilona boshqarish va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan boshqa shartlarga muvofiq tashkil etiladi.
Fermer xoʻjaliklari, yuridik shaxs tashkil etgan holdagi dehqon xoʻjaliklari, shuningdek yuridik shaxs boʻlgan boshqa suv isteʼmolchilari suv isteʼmolchilari uyushmalarining muassislari boʻlishi mumkin.
Fermer va dehqon xoʻjaliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek boshqa suv isteʼmolchilari suv isteʼmolchilari uyushmalarining aʼzolari boʻlishi mumkin.
Suv isteʼmolchilari uyushmasi va uning xizmat koʻrsatish zonasida joylashgan aʼzolari, shuningdek boshqa suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari hamda oʻzga yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi suvga doir munosabatlar shartnoma asosida tartibga solinadi.
Suv isteʼmolchilari uyushmalarining faoliyatini moliyalashtirish oʻz aʼzolarining har yillik aʼzolik badallari, shartnoma asosida suv yetkazib berganlik va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlar, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Suv isteʼmolchilari uyushmalari suvdan foydalanish qoidalari buzilgan, suvdan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda, shuningdek limitdan ortiqcha suv olingan, aʼzolik badallari, suv yetkazib berganlik va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda, qonunning hamda shartnoma shartlarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilguniga qadar suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berishni toʻxtatishga haqli.
