17-modda. Suv obyektlarida, suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida ishlarni bajarish tartibi
Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida (837-XII-son) · Sana: 06.05.1993 · Amalda
Suv obyektlarida, suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida, yer osti suvlari hosil boʻladigan hududlarda suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi qurilish, taʼmirlash, tiklash, oʻzan tubini chuqurlashtirish va portlatish ishlari, foydali qazilmalarni kavlab olish va suv oʻsimliklarini olish, kabellar, quvurlar hamda boshqa kommunikatsiyalarni oʻtkazish, daraxtlarni kesish, burgʻulash, qishloq xoʻjaligi ishlari va oʻzga ishlar qonunchilikka muvofiq bajariladi.
Suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi ishlar ushbu Qonun talablariga muvofiq ravishda, ilmiy asoslangan norma va qoidalar asosida qishloq va suv xoʻjaligi, energetika, baliqchilik xoʻjaligi, oʻrmon xoʻjaligi, maishiy va kommunal xoʻjalik manfaatlari hisobga olingan holda oʻtkaziladi.
